Tahlillarga qaytish

Netflix’da mashhurlikka erishgan “KPop Demon Hunters” musiqali animasion filmi haqida

“KPop Demon Hunters” – rang-barangligi bilan o‘ziga tortuvchi animasion film. Biroq undagi mifologiya va sig‘inish g‘oyalari bolalar ongiga salbiy ta’sir qilishi, ularni chalg‘itishi va axloqiga katta zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun ota-onalar bu borada nazoratni kuchaytirishi va tushuntirishlar olib borishi, bola ularni real hayotdagi qadriyatlar bilan aralashtirib yubormasligi uchun yo‘naltirib turishi zarur.

2025-yil 26-avgust
KPop Demon Hunters
~ 4 daqiqa o‘qish
Netflix’da mashhurlikka erishgan “KPop Demon Hunters” musiqali animasion filmi haqida

Animasion film haqida

“KPop Demon Hunters” (“Key-pop iblis ovchilari”) 2025-yil iyun oyida Netflix’da namoyish etilgan, Sony Pictures Animation tomonidan ishlab chiqilgan koreys mifologiyasiga bag‘ishlangan ingliz tilidagi birinchi musiqali fantastik animasion film.





Ijodiy guruh

Film rejissyorlari Meggi Kan va Kris Appelxans.

Musiqasi uchun haqiqiy yulduzlar – BLACKPINK prodyuseri Teddi Pak va TWICE guruhi a’zolari mas’ul bo‘lishgan.

 




Qahramonlar

Rumi – Huntr/x nomli K-pop guruhi yetakchisi, yarim iblis.

Mira – asosiy raqqosa, boy oiladan.

Zoi – reper, Amerikada voyaga yetgan.

Syelin – sobiq iblis ovchisi, Rumining tarbiyachisi.

Jinu – “Saja Boys” guruhi yetakchisi, ilgari inson bo‘lgan iblis.

Gvi-Ma – iblislar podshosi, asosiy yovuz qahramon.

 




Syujet

Huntr/x nomli key-pop guruhi kunduzi sahnada yulduz, kechasi esa iblislarga qarshi jang qiladi. Guruh yetakchisi Rumi yarim iblis naslidan bo‘lib, o‘z sirini yashirib keladi. Qahramonlar Saja Boys deb atalgan ko‘shiqchilar guruhi qiyofasidagi iblislarga xizmat qiluvchi yigitlar guruhiga qarshi kurashadi. Qo‘shiqchi qizlarning asosiy maqsadi insonlarni qutqarishdan iborat. Film key-pop muxlislariga tanish bo‘lgan obrazlardan foydalanadi va tomoshabinni Koreyaning an’anaviy shamanizm olamiga olib kiradi. Unga ko‘ra, ayol shamanlar o‘z qishloqlarini himoya qilish uchun raqs va qo‘shiqlar bilan marosimlar o‘tkazganlar. Shu madaniy asos multfilmga mifologik mazmun beradi. Final kuchli ziddiyatga qurilgan. Gwi-Ma ismli maxluq Saja Boys guruhi a’zolari orqali Honmoon himoya to‘sig‘ini yo‘q qilib, maxluqlar kuchini dunyoga chiqarib yubormoqchi. Uni Huntr/x guruhi qizlari to‘xtatishi kerak. Bu paytda Rumining yarim maxluq ekanini bilib qolgan qizlar undan yuz o‘giradi. Ichki ziddiyatlarini yenga olmagan Rumining o‘zi esa himoyani buzib tashlab, g‘oyib bo‘ladi.

Saja Boys sahnaga chiqqanida Gwi-Ma ham paydo bo‘lib, sehr yordamida olomonni o‘ziga bo‘ysundiradi. Aynan shu paytda Rumi qaytib keladi va endi qo‘rquv va o‘zidan uyalishdan xoli bo‘lgan yangi qo‘shig‘ini ijro etadi. Uning ovozi qizlarni yana birlashtiradi va muxlislarda qadimiy yovuzlikka qarshi tura oladigan kuch uyg‘onadi. Saja Boys yetakchisi, yarim maxluq bo‘lgan Jinu Huntr/x guruhi yetakchisi Rumi tomoniga o‘tadi va Gwi-Ma’ni to‘xtatish uchun o‘zini qurbon qiladi. U o‘zining tanlovi ongli ravishda qilingani haqida taassurot qoldirib, g‘oyib bo‘ladi.

Film yakunida qizlar birlashib, yangi Honmoon to‘sig‘ini yaratadilar. Rumi endi o‘zining yarim iblis ekani haqidagi belgilarini yashirmaydi, guruhning boshqa a’zolari esa ilk bor uni boricha qabul qilishadi.

 




Film muvaffaqiyati

Animasion film juda tez mashhurlikka erishib, Netflix’da eng ko‘p ko‘rilgan filmlardan biriga aylandi. Undagi saundtreklar global darajada xit bo‘lib, hatto Billboard xit-paradiga kiritildi.

Tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingan film dastlabki uch kunda 9,2 million marta tomosha qilindi, beshinchi haftaga kelib esa ko‘rishlar soni 25,8 millionga yetdi. Bu Netflix’ning bunday qisqa muddat ichida ko‘rishlar soni bo‘yicha yangi rekord cho‘qqiga erishgan birinchi filmidir.

Film 2025 yilgi “Oskar” mukofotining “Eng yaxshi animasion film” nominatsiyasi uchun da’vogarlar qatoriga kiritilib, hozirning o‘zidayoq raqiblariga jiddiy raqobat tug‘dirishini mutaxassislar prognoz qilmoqda.

 




Bolalar uchun xavflari

Iblislar va sehr elementlari bolalarni chalg‘itishi, ularda noto‘g‘ri tasavvurlar paydo qilishi mumkin. Qahramonlarni ortiqcha idollashtirish xavfi ham mavjud. Syujetdagi ba’zi dramatik holatlar bolalar uchun og‘irlik qiladi. Shuningdek, insonga dushman bo‘lgan mavjudotlar ijobiy tomondan ko‘rsatiladigan Netflix’ning boshqa loyihalarini eslatadi. Qolaversa, animasion film Key-pop madaniyatining kuchli targ‘iboti sifatida yaratilganini ham unutmaslik lozim.

 




Key-pop o‘zi nima?

Key-pop butun dunyo bo‘ylab o‘smirlar va yoshlar orasida katta qiziqish bilan kutib olinayotgan musiqiy janr bo‘lib, uning qabul qilinishi turli mamlakatlarda tanqidlar va xavotirlar bilan birga kechmoqda. Asosiy e’tirozlar Key-pop sanoatining yosh artistlarga ko‘rsatayotgan bosimi, tashqi ko‘rinish va gender rollarining g‘ayritabiiy standartlarini o‘rnatishi, o‘smirlar ongini manipulyasiya qilish va ularda qaramlikni vujudga keltirish xavfi bilan bog‘liq. Yevropa va AQSHda iste’molchilik kultining va erishib bo‘lmaydigan “ideal hayot” illyuziyasining targ‘ib qilinishi tanqid ostiga olinmoqda. Shunday qilib, key-pop haddan tashqari tijoriylashgan, yoshlarning ruhiy salomatligi va madaniy qadriyatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hodisa sifatida baholanmoqda.

Key-pop modasi gender rollari bilan cheklanmaydi. Ko‘pgina key-pop “idoli” bo‘lgan qizlar va yigitlar ikkala jinsga ham mos keladigan liboslarni kiyaveradi va an’anaviy chegaralarni buzishga urinadi. Bu zamonaviy jamiyatda keng tarqalayotgan gender neytrallik g‘oyasini aks ettiradi.

Key-pop xoreografiyasi juda murakkab, sinxron va shahvoniy elementlarni ham o‘z ichiga oladi. Idollarning bir-biriga yaqin turishi, teginishi yoki ayrim raqs harakatlari mutaxassislar tomonidan shunday talqin qilinmoqda.

 




Xulosa

“KPop Demon Hunters” – rang-barangligi bilan o‘ziga tortuvchi animasion film. Biroq undagi mifologiya va sig‘inish g‘oyalari bolalar ongiga salbiy ta’sir qilishi, ularni chalg‘itishi va axloqiga katta zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun ota-onalar bu borada nazoratni kuchaytirishi va tushuntirishlar olib borishi, bola ularni real hayotdagi qadriyatlar bilan aralashtirib yubormasligi uchun yo‘naltirib turishi zarur.

Hero background image
Site logo

Bolalar uchun mo‘ljallangan tarbiyaviy, ma'rifiy ahamiyatga ega milliy kontentlar va targ‘ibot vositalari yaratishni qo‘llab quvvatlaydigan tashkilot.

Toshkent shahar, Olmazor tumani
+998 (55) 511-1505
childrenscontentuz@gmail.com
Ijtimoiy tarmoqlar
© 2026 Bolalar kontentini rivojlantirish markazi
Designed & Developed byteiior