Bugungi kunda TikTok algoritmik qaramlikning cho‘qqisi sifatida e’tirof etilyapti. Mazkur ijtimoiy tarmoq “ekran vaqti sifati” tushunchasini deyarli yo‘qqa chiqarayotgan, passiv mediaiste’molni maksimal darajada rag‘batlantiruvchi mukammal mexanizmdir.
Ijtimoiy bosimning yangi ko‘rinishi.
Chellenjlar va trendlar
Ilgari ijtimoiy tarmoqlardagi ruhiy-ijtimoiy bosim asosan “mendan boshqa hamma baxtli” (Instagram effekti) ko‘rinishida bo‘lsa, TikTok'da bu “hamma qilayotgan ishni men ham qilishim kerak” degan faol psixologik bosimga aylandi. Bugun TikTok chellenjlari o‘smirning o‘z tengdoshlari guruhiga mansub bo‘lish istagini ekspluatatsiya qilyapti. Ayniqsa o‘smir yoshidagilar o‘zini guruhdan ajralib qolgandek his qilmaslik uchun mantiq va xavfsizlikni chetga surib, trendga ergashishi ko‘plab kuzatilmoqda.
“Go‘zallik filtrlari” va
tana disformiyasi
TikTok va boshqa platformalardagi sun’iy intellektga asoslangan filtrlar real vaqt rejimida inson yuzini ideal standartlarga moslab o‘zgartiradi. Bola o‘z aksini doimo TikTok filtri orqali ko‘rganida, uning miyasidagi “men” obrazi o‘zgaradi. Oynaga qaraganda esa u o‘zining “noto‘g‘ri” va “xunuk” asl qiyofasidan qoniqmaydi. Bu o‘zini qadrlash hissining pasayishiga va tana dismorfik buzilishi kabi jiddiy ruhiy muammolarga olib keladi. Bola, ayniqsa o‘smir uchun kichkina, sizga deyarli ko‘rinmaydigan “nuqson” butun dunyosini egallab olgan ulkan bir muammoga aylanadi.
Ana shu holat tana dismorfik buzilishi yoki qisqacha tana dismorfiyasi deb ataladi.
Oddiyroq aytganda, bu insonning o‘z tashqi ko‘rinishidagi arzimagan yoki boshqalarga umuman ko‘rinmaydigan kamchilik haqida haddan tashqari ko‘p qayg‘urishi va bunga butun fikri-zikrini band qilib qo‘yadigan nosog‘lom ruhiy holat.
Dismorfiya borligini ko‘rsatuvchi belgilar
O‘ziga yoqmagan tana a’zosini (masalan, burni, qulog‘i, terisi) doim kiyim, soch, bosh kiyim yoki niqob bilan yashirib yurishga urinadi. Ko‘zgu bilan munosabati o‘zgaradi. Yo soatlab ko‘zgu oldidan jilmaydi, yoki uydagi barcha ko‘zgulardan qochib yuradi. O‘zini doim boshqa tengdoshlari, aktyorlar yoki ijtimoiy tarmoqlardagi “ideal” odamlar bilan solishtiradi va o‘zini past baholaydi. “Semiz emasmanmi?”, “Yuzimda o‘zgarish yo‘qmi?", "Burnim juda kattami?” kabi savollarni tinmay berib, quvvatlov tilanaveradi.
Ijtimoiy hayotdan chekinish ham ko‘zga tashlanib, odamlarga qo‘shila olmaydi. Myehmonga borish, do‘stlari bilan uchrashishdan bosh tortadi, chunki “hamma mening nuqsonimga qarab kuladi” deb o‘ylaydi. Plastik xirurgiyaga qiziqishi ortib, o‘smir yoshidanoq plastik operatsiya haqida gapira boshlaydi va buni yagona yechim deb biladi.
Ota-ona nima qilishi va nima qilmasligi kerak?
“Sen buni o‘ylab topyapsan, hammasi joyida-ku!” deb inkor qilish bolaga “Seni tushunmayapman, bu darding men uchun ahamiyatsiz” degandek ta’sir qiladi. “Bo‘lmagan narsaga vahima qilma, noshukur bo‘lma!” deb urishish uning aybdorlik hissini yanada kuchaytiradi. U buni qasddan qilmayapti, bu uning ixtiyoridan tashqaridagi holati. “Mayli, katta bo‘lsang, operatsiya qildirib, to‘g‘rilab olasan” deb va’da berish ham bolaning fikrini to‘g‘ri deb tasdiqlaydi va muammoni chuqurlashtiradi.
Ota-ona o‘smir farzandini tinglashi va dardini his qilishi kerak. Uning tashqi ko‘rinishini emas, ichki iztirobini tasdiqlashdir. Buning o‘rniga ko‘nglini ko‘tarishi, suhbatni tez-tez tashqi ko‘rinishdan boshqa mavzularga burishi lozim.
O‘smirlar uchun boshqalarning “ideal” hayoti va suratlari eng katta dushman. Binobarin, ijtimoiy tarmoqlardan birgalikda dam olish uchun sabab va imkon topish, ulardagi hayot sun’iy ekanini erinmay tushuntirish yaxshi natija beradi.

